Joriy yil 14–19-aprel kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi rahbarlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif uyushtirdi. Safar doirasida delegatsiya Chongqing va Anhu shaharlaridagi yetakchi tibbiyot ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Chongqing tibbiyot kolleji, Anhu tibbiyot universiteti, Anhu tibbiyot kollejidagi zamonaviy farmasevtika laboratoriyalari va tibbiy klinikalardagi o‘quv-amaliy jarayonlar o‘rganildi.
Shuningdek, Xitoyning Chongqing va Anhu shaharlari ta’lim departamenti rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, innovatsion ta’lim uslublarini joriy etish va o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoy davlat tibbiyot texnikum rahbarlari ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Ushbu seminarlar chog‘ida 9 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi hamda Xitoyning Chongqing tibbiyot kolleji, Chongqing stomatologiya kolleji va Anhu tibbiyot kollejlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Shartnomalarda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish hamda ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilish nazarda tutilgan.










