16 fevral kungi prezident farmoni bilan, yangi tahrirdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Shu asosda 2023 yilda qabul qilingan avvalgi strategiya o‘z kuchini yo‘qotib, kelgusi 5 yillik rejalar qayta ko‘rib chiqildi. Kun.uz hujjatning keng omma uchun diqqatga sazovor ayrim bandlarini sanab o‘tadi.
Ta’lim
Yangilangan strategiyaga asosan, 2030 yilda bog‘cha va maktablardagi oylik maoshlar miqdori 2023 yilga nisbatan 2 barobarga yuqori bo‘lishi kerak. Rasmiy statistikaga ko‘ra, ta’lim sohasidagi o‘rtacha maosh (daromad solig‘ini ham qo‘shganda) 2023 yilda 3,1 mln so‘m bo‘lgan; 2025 yilda esa 4,4 mln so‘mga yetgan.
Maktablar va bog‘chalardagi sanitar sharoitlarni yaxshilash ham ustuvo vazifalar qatoriga kiritilgan. Hujjatga ko‘ra, hozirda “Uch yulduzli yondashuv” metodologiyasi asosida suv, sanitariya va gigiyena sharoitlari bilan ta’minlangan bog‘chalar va maktablar ulushi 30 foizni tashkil etadi. 5 yildan keyin bu ko‘rsatkich 86 foizga yetishi ko‘zda tutilgan.
Prezident maktablarning baholash tizimi joriy etilgan maktablar ulushini 33 foizdan 50 foizga yetkazish, “Elektron doska” bilan ta’minlangan maktablar ulushini esa 43 foizdan 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. 2025 yilda xususiy maktablarning ulushi 6,3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 5 yildan keyin O‘zbekistondagi har 10 ta maktabdan 1 tasi xususiy bo‘lishi kerak.
Sog‘liqni saqlash
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yil-u 2 oyni tashkil etgan. 2030 yilga borib, shu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish maqsad qilinyapti. Buning uchun mahallalarda 3 mingtadan ortiq sport maydonchalari barpo etiladi.
Shuningdek, davlat budjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga ajratiladigan mablag‘lar ulushini yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkazish ko‘zda tutilgan.
55 yoshdan oshgan aholining 90 foizini har yili profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bu orqali yurak-qon tomir kasalliklari, xavfli o‘sma, qandli diabet va sil tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 50 foizini ana shu profilaktik ko‘riklarda aniqlash reja qilingan.
Iqtisodiyot
2030 yilga borib, O‘zbekistonda “mutlaq kambag‘allik”ka butkul barham berish maqsadi qo‘yilgan. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, hozir aholining 5,8 foizi “mutlaq kambag‘allik”da yashayapti, ya’ni oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xarajat 669 ming so‘mdan oshmaydi. Kelgusida kambag‘allikning ko‘p o‘lchamli shkalasiga o‘tiladi va rejaga ko‘ra, 5 yildan keyin O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlarining amaldagi qiymati asosida “mutlaq kambag‘allar” qolmasligi kerak.
Strategiyada belgilanishicha, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hozirgi 145 mlrd dollardan 2030 yilda 240 mlrd dollarga yetadi. Inflatsiya joriy yilda 6,5 foizdan oshmasligi, 2027 yildan boshlab esa barqaror 5 foizlik inflatsiyaga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Oltin ishlab chiqarish hajmi 2024-2030 yillar oralig‘ida 1,5 barobarga oshishi, shu davrda mis ishlab chiqarish 3,5 barobarga, kumush va uran ishlab chiqarish esa 3 barobarga ortishi prognoz qilinyapti.
Statistikaga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 450 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. 2030 yilda bu raqam 1 milliontaga yetishi, shundan 200 mingtasi elektromobil bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
2027-2030 yillarda 5 ta davlat bankini xususiylashtirish, shu davrda davlatga qarashli 12 ta yirik korxona aksiyalarining bir qismini xalqaro va mahalliy bozorlarga chiqarish reja qilingan.
Energetika va transport
Strategiyada tabiiy gaz qazib chiqarishdagi pasayish tendensiyasini 2027 yilda to‘xtatish vazifasi qo‘yilgan. Qizig‘i, bu farmon e’lon qilinishi bilan, o‘tgan yili qazib olingan gaz hajmi borasida savollar paydo bo‘ldi. Avvalroq Statistika agentligi 2025 yilda 42,3 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olinganini ma’lum qilgandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlovchi prezident farmonida esa, o‘tgan yili gaz qazib olish hajmi 41,7 mlrd kub metr bo‘lgani ko‘rsatilgan. Endi bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 48,5 mlrd kub metrga yetkazilishi kerak. Ushbu maqsadga erishilgan taqdirda ham, gaz qazib chiqarish hajmi 2022 yilgi darajadan 6 foizga yoki 3,2 mlrd kub metrga kam bo‘ladi.
Kelgusi 5 yilda elektr energiyasining ulgurji bozorini yaratish; elektr energiyasi, tabiiy gaz va issiqlik tarmoqlarda yo‘qotishlarni kamaytirish; energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qator maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jami generatsiyadagi (iste’moldagi) ulushini hozirgi 31 foizdan 54 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Strategiyadan pulli avtomobil yo‘llari bo‘yicha maqsadlar ham o‘rin olgan. Unga ko‘ra, pulli avtoyo‘llarni qurish 2027 yilda boshlanib, 2030 yil oxirigacha ularning uzunligi 130 km bo‘lishi kutilyapti. 130 km uzunlikdagi pulli yo‘llar Toshkent–Samarqand, Toshkent–Vodiy va boshqa yo‘nalishlarda bo‘ladi. Aniqrog‘i, shu yo‘nalishlarning boshidan oxirigacha emas, faqat ma’lum bir qismlarida pulli yo‘llar paydo bo‘ladi. Keyingi 5 yilda 38 ming km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Ekologiya
Keyingi 5 yilda daraxt ekish bo‘yicha katta marralar olingan. Xususan, shaharlar, tuman markazlari va shaharchalardagi yashillik darajasi hozirgi 14 foizdan 30 foizga yetkazilishi kerak. 2026-2030 yillarda 916 ta yangi yashil bog‘ va parklar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hozir mavjud va ekilgan daraxtlarning 45 foizi ko‘karayotgan bo‘lsa, 2030 yilga borib 70 foizi yashab ketishiga erishish maqsad qilinyapti.
Strategiyaga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 5 yil ichida 1,5 barobarga kengayib, 6,1 mln gektarga yetishi kerak. Atrof-muhitga xavfi yuqori darajadagi obektlarning ifloslantiruvchi manbalaridan avtomatik ravishda namunalar olish tizimining qamrov darajasini 50 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish
Shu oy boshida Transparency International xalqaro tashkiloti 2025 yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyani qabul qilish indeksini e’lon qilgan va unda O‘zbekistonning pozitsiyasi 3 pog‘onaga pasayib, 182 ta davlat orasida 124-o‘ringa tushgan edi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan, bu reytingda keyingi 5 yilda kamida 20 pog‘onaga ko‘tarilish maqsadi qo‘yildi. Bunda, O‘zbekistonning o‘rni har yili 4 pog‘onadan yaxshilanib borishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, davlat xaridlarida yagona yetkazib beruvchidan va monopol xaridlarni inobatga olmaganda, raqobatli usullardan foydalanish darajasini 80 foizga yetkazish reja qilingan. Farmonga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya loyihasi 2026 yil avgustigacha tayyor bo‘lishi kerak.
Tashqi siyosat
Qayd etilishicha, hozir O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 34 ta. 2030 yilga borib, vatandoshlar 50 ta mamlakatga vizasiz kirib borishiga erishish maqsad qilinyapti. O‘zbekistonliklar soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin bo‘lgan davlatlar sonini esa hozirgi 42 tadan 60 taga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Keyingi 5 yilda qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aylanmasini 1,5 barobarga oshirish ko‘zda tutilyapti. 2026 yilda 20 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish orqali, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalariga moslashtirish jarayonini yakuniga yetkazish reja qilingan.
kun.uz





